Kitob o‘qigan «Spark» minadi

Kitob o‘qigan «Spark» minadi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakat bosqichida Qo‘qon davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 3-kurs talabasi Sharofatxon Ismoilova birinchi o‘rinni egallab, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi, deya xabar bermoqda uza.uz.

Sharofat Ismoilova Oltiariq tumani Bo‘rbonliq qishlog‘ida tug‘ilgan. Dadasi Salimjon aka – ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, onasi Yodgora opa uy bekasi. Oilada 5 nafar farzand bo‘lib, Sharofat eng kenja qiz. Uning birinchi ustozi – dadasi. Dadasi farzandlariga juda ko‘plab kitoblarni o‘qib berardi. Shuning uchun ham u yoshligidan kitobga mehr qo‘ydi. Kechagidek yodida 2-sinfda o‘qib yurganida Andersenning “Jahon xalq ertaklari” kitobini o‘qib tugatgandi. U she’riyatga ham oshno bo‘lib, she’r yozishni mashq qila boshladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Oltin qalam” to‘garagiga a’zo bo‘lib, ustozlar qo‘lida ijodi yanada charxlandi.

2015 yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga test sinovlaridan yuqori ball to‘plab, talabalikka qabul qilindi. Sharofat barcha tadbirlarda doimo faol ishtirok etadi. U bugungi kunda mumtoz adabiyot sirlarini qunt bilan o‘rganib kelmoqda va kelajakda shu asosda ilmiy izlanish olib borish niyatida. Iqtidorli bu qiz Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov, O‘lmas Umarbekov, Abdusaid Ko‘chimov, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam kabi yozuvchilarning asarlariga juda ham qiziqadi. “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakat bosqichida g‘olib bo‘lish xayoliga kelmagan oddiy qishloq qizi barcha shartlarni yuqori darajada uddalab, tanlov g‘olibi bo‘ldi.

– Bolaligimdan kitobga mehrim bo‘lakcha, kitoblar ichida katta bo‘lganman, – deydi Sh.Ismoilova. – Dadam o‘qituvchi bo‘lgani uchun hammamizning ziyoli, o‘qimishli bo‘lishimizni istaydi. Oila davrasida ham kim qaysi kitobni mutolaa qilayotganini so‘raydi. Suhbatimiz o‘z-o‘zidan bahs-munozaraga aylanib ketadi. Kitobga do‘st bo‘lgan odam hayotda hech qachon qoqilmaydi. Rostini aytsam, hayotimda o‘zim o‘qigan kitoblar qahramonlari hayotidagi singari kutilmagan, baxtli voqealar sodir bo‘lishini juda xohlardim. Tanlovda g‘olib bo‘lganim ham mening hayotimda baxtli kun bo‘ldi. Bu rag‘bat katta orzularimga qanot bo‘ldi.

Qo‘qon davlat pedagogika instituti va Oltiariq tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda Sh.Ismoilovaning qo‘lga kiritgan yutug‘i yana bir bor e’tirof etildi. Kitob o‘qiganning “Spark” avtomashinasiga ega bo‘lganini ko‘rgan tengdoshlari ham unga havas qilmoqda.