O‘zbekistonda “aqlli qishloq”lar paydo bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda “aqlli qishloq”lar paydo bo‘lishi mumkin

2018-yilning uchinchi choragida jahon tajribasini o‘rganish asosida O‘zbekistonda “aqlli qishloq” (Smart Village) loyihasi pilot tarzda amalga oshirilishi mumkin. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bu borada normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida aytib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, “Aqlli qishloq” Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirish taklif etilmoqda.

Hujjatda “Aqlli qishloq” loyihasi to‘g‘risida boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Ochiq manbalarda keltirilishicha, “aqlli qishloq” deganda muqobil manbalardan foydalangan holda o‘zini to‘laligicha energiya bilan ta’minlaydigan uylar tushuniladi. Uylar shamol generatorlari, fotoelektr panellari, termonasoslar va boshqa uskunalar bilan jihozlanadi.

“Aqlli qishloq” konsepsiyasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etishni ham ko‘zda tutadi.